Edu-Action test markazlarida Certiport xalqaro sertifikatlash imtihonlarini topshirish qoidalari va reglamenti
Ushbu hujjat “ACTION GROUP” MChJ, STIR: 302809453, yuridik manzil: Toshkent shahri, Chilonzor tumani 2-Charx Kamolon MFY, Bunyodkor shoh ko`chasi, 3A-uy (keyingi oʻrinlarda — Edu-Action test markazi) tomonidan eʼlon qilingan ommaviy oferta hisoblanadi.
Oferta oʻzbek tilida tuzilgan. Boshqa tillardagi tarjimalar bilan farq boʻlgan taqdirda oʻzbek tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
Ushbu qoidalar va reglament Certiport tizimidagi xalqaro sertifikatlash imtihonlarini Oʻzbekiston hududidagi Edu-Action test markazlarida oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Edu-Action test markazlari orqali istalgan Certiport imtihoniga roʻyxatdan oʻtgan barcha nomzodlar ushbu qoidalar bilan tanishib chiqishlari shart.
Har bir imtihon boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar (tarkibi, davomiyligi, oʻtish bali, imtihon tillari) certiport.uz saytida mavjud. Barcha savollar yuzasidan nomzodlar Edu-Action test markaziga murojaat qilishlari mumkin.
1Atamalar
- 1.1Certiport (Pearson VUE) — xalqaro sertifikatlash imtihonlarini ishlab chiquvchi va sertifikatlar tizimini yurituvchi AQSh kompaniyasi.
- 1.2Imtihon — Certiport tizimida oʻtkaziladigan alohida sertifikatlash imtihoni. Baʼzi dasturlar (masalan, IC3 Digital Literacy) bir nechta moduldan iborat boʻlib, har bir modul alohida imtihon sifatida topshiriladi.
- 1.3Edu-Action test markazi — Certiportʼning Oʻzbekistondagi rasmiy hamkori boʻlgan, imtihonlarni tashkil etuvchi va oʻtkazuvchi avtorizatsiyadan oʻtgan markaz.
- 1.4Nazoratchi — maxsus sertifikatlangan, imtihon jarayonini tashkil etish va nazorat qilish uchun masʼul Edu-Action test markazi xodimi.
- 1.5Nomzod — Edu-Action test markazi orqali Certiport imtihonini topshirish uchun roʻyxatdan oʻtgan shaxs.
2Imtihonlar va sertifikatlash dasturlari
Edu-Action test markazlarida Certiport tizimidagi xalqaro sertifikatlash imtihonlari oʻtkaziladi, jumladan:
- 2.1Microsoft — Microsoft Office Specialist (Word, Excel, PowerPoint va boshqalar);
- 2.2Adobe — Adobe Certified Professional (Photoshop, Illustrator, InDesign, Premiere Pro va boshqalar);
- 2.3Autodesk — Autodesk Certified User va Autodesk Certified Professional (AutoCAD, Revit, Fusion, 3ds Max va boshqalar);
- 2.4Unity, Cisco, Meta sertifikatlash dasturlari;
- 2.5PMI — Project Management Ready (loyiha boshqaruvi);
- 2.6IC3 Digital Literacy — raqamli savodxonlik sertifikati;
- 2.7Certiport tizimidagi boshqa sertifikatlash dasturlari.
Har bir imtihonning tarkibi, darajalari, savollar soni, davomiyligi, oʻtish bali, sertifikatning amal qilish muddati va imtihon tillari tegishli dastur talablariga koʻra belgilanadi hamda certiport.uz saytida yoki roʻyxatdan oʻtishdan soʻng yuboriladigan xabarnomada eʼlon qilinadi. Ushbu reglamentda koʻrsatilmagan imtihonga xos shartlar Certiport qoidalariga muvofiq qoʻllanadi.
Imtihonni topshirish mumkin boʻlgan tillar har bir imtihon uchun alohida koʻrsatiladi.
3Edu-Action test markazining huquq va majburiyatlari
Huquqlari:
- 3.1Nomzoddan ichki tartib-qoidalar va imtihon oʻtkazish tartibiga rioya etishni talab qilish.
- 3.2Agar nomzod imtihon qoidalarini buzsa, uning ishtirokini toʻxtatish yoki natijalarini bekor qilish.
- 3.3Imtihon qoidalarini buzgan nomzodni belgilangan muddatga Edu-Action test markazi xizmatlaridan chetlashtirish va ushbu muddat davomida unga xizmat koʻrsatishni rad etish. Chetlashtirish muddati qoidabuzarlikning ogʻirligiga qarab Edu-Action test markazi tomonidan belgilanadi.
- 3.4Imtihon qoidalari buzilgani haqida Certiportʼga xabar berish. Nomzodning sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror Certiport tomonidan qabul qilinadi.
- 3.5Xizmatlar uchun oldindan toʻlov asosida toʻlovni amalga oshirish tartibini belgilash va uni ommaviy oferta shartlariga muvofiq belgilangan muddatlarda qabul qilish.
- 3.6Nomzoddan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni hamda imtihon bilan bogʻliq qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrash.
- 3.7Imtihon jarayonining shaffof va adolatli oʻtishini taʼminlash maqsadida imtihon xonalarida video va audio kuzatuv oʻrnatish.
- 3.8Qonunchilikda belgilangan hollarda nomzodlarning shaxsiy maʼlumotlari va imtihon natijalarini vakolatli davlat organlariga taqdim etish.
- 3.9Qonunchilik yoki tashkiliy sharoitlar oʻzgargan taqdirda, imtihon oʻtkazish yoki xizmat koʻrsatish shartlariga oʻzgartirishlar kiritish, bu haqda nomzodlarni oldindan xabardor qilish.
Majburiyatlari:
- 3.10Imtihonlarni tasdiqlangan jadvalga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlash.
- 3.11Imtihon oʻtkazish uchun zarur boʻlgan xonalarni, jihozlarni va dasturiy texnik vositalarni tayyorlash hamda taqdim etish.
- 3.12Nomzodlarning shaxsiy maʼlumotlari va imtihon natijalarining maxfiyligini amaldagi qonunchilikka muvofiq taʼminlash.
- 3.13Imtihon jarayonida texnik nosozliklar yuzaga kelganda, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish choralarini koʻrish. Agar nosozlik markazning jihozlari yoki dasturiy taʼminoti sababli yuzaga kelgan boʻlsa va imtihon jarayonining uzilishiga yoki natijaga sezilarli taʼsir koʻrsatishiga olib kelsa, nomzodga imtihon qoʻshimcha toʻlovsiz qayta ochib beriladi. Nosozlik holati nazoratchi hisoboti va tizim loglari asosida markaz tomonidan aniqlanadi.
- 3.14Imtihonlarni oʻtkazishda Certiport xalqaro standartlariga muvofiq obyektivlikni va xolislikni kafolatlash.
- 3.15Toʻlov amalga oshirilgach, nomzodga qonunchilikka muvofiq fiskal (elektron) chek berish.
4Nomzodning huquq va majburiyatlari
Huquqlari:
- 4.1Nomzod ushbu shartlarda nazarda tutilgan barcha xizmatlar va qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlaridan foydalanish huquqiga ega.
- 4.2Nomzod imtihon jarayoni, muddatlar, qoidalar va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati haqida axborot soʻrash huquqiga ega.
- 4.3Nomzod amaldagi qonunchilik doirasida xizmat koʻrsatish shartlariga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish boʻyicha taklif bildirish huquqiga ega.
- 4.4Nomzod oʻtkazilgan imtihon yoki taqdim etilgan xizmatlar sifati yuzasidan oʻz fikrini bildirish huquqiga ega.
- 4.5Agar xizmat sifati qoniqarli boʻlmasa, nomzod amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat yuborish huquqiga ega.
Majburiyatlari:
- 4.6Nomzod haqiqiy shaxsiy maʼlumotlarni (F.I.Sh., pasport va boshqalar) toʻliq ravishda taqdim etishi shart. Notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar imtihondan chetlashtirilishiga sabab boʻlishi mumkin.
- 4.7Nomzod ushbu shartlarda belgilangan tartibda barcha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishi shart.
- 4.8Nomzod imtihonda ishtirok etish bilan bogʻliq barcha zarur maʼlumotlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri taqdim etishi lozim.
- 4.9Nomzod Edu-Action test markazi tomonidan taqdim etiladigan jihozlar, xonalar va sharoitlarga ehtiyotkorlik va masʼuliyat bilan munosabatda boʻlishi kerak.
- 4.10Nomzod certiport.com saytida shaxsiy profil yaratishi va undagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi, shu jumladan lotin yozuvidagi F.I.Sh.ning pasportdagiga mosligi uchun javobgar. Nomzod tomonidan notoʻgʻri kiritilgan maʼlumotlar sababli sertifikatni qayta rasmiylashtirish nomzod hisobidan amalga oshiriladi.
5Tomonlarning javobgarligi
- 5.1Ushbu shartlarda belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda, tomonlar amaldagi qonunchilik va ushbu hujjat qoidalariga muvofiq javobgar boʻladi.
- 5.2Fors-major holatlari (tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar, davlat organlarining qarorlari, ommaviy tartibsizliklar, keng koʻlamli elektr yoki internet uzilishlari va tomonlar nazorat qila olmaydigan boshqa holatlar) yuzaga kelgan taqdirda tomonlar javobgarlikdan ozod etiladi. Fors-major holati yuzaga kelgan tomon bu haqda ikkinchi tomonni imkon qadar tezroq xabardor qiladi.
- 5.3Ushbu ommaviy oferta boʻyicha majburiyatlarning toʻliq bajarilganini tasdiqlovchi holat deb imtihonni oʻtkazish xizmati koʻrsatilgani va nomzod imtihon natijasi (ball yoki sertifikat) olgani hisoblanadi.
- 5.4Imtihonga roʻyxatdan oʻtish va toʻlovni amalga oshirish nomzodning ushbu oferta shartlariga toʻliq roziligini bildiradi.
- 5.5Agar nomzod imtihon davomida belgilangan qoidalarni buzsa va nazoratchi qaroriga koʻra diskvalifikatsiya qilinsa, nomzodning ishtiroki bir tomonlama toʻxtatiladi hamda toʻlangan summa qaytarilmaydi.
- 5.6Edu-Action test markazi elektr taʼminotidagi uzilishlar, internet aloqasidagi nosozliklar yoki markaz nazoratidan tashqaridagi boshqa tashqi omillar tufayli yuzaga kelgan texnik nosozliklar uchun javobgar emas.
- 5.7Edu-Action test markazining javobgarligi har qanday holatda nomzod tomonidan tegishli imtihon uchun toʻlangan summa bilan cheklanadi.
- 5.8Edu-Action test markazi imtihon natijasining nomzod uchun keltirib chiqaradigan oqibatlari (ishga qabul qilish, oʻqishga kirish, grant, imtiyoz yoki ustama olish va boshqalar) uchun javobgar emas.
6Roʻyxatdan oʻtish
- 6.1Nomzod roʻyxatdan oʻtish jarayonida amaldagi pasport yoki ID karta maʼlumotlarini taqdim etishi lozim.
- 6.2Nomzod tomonidan taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotlar ushbu ofertaning 17-bandida belgilangan tartibda qayta ishlanadi.
- 6.3Taqdim etilgan hujjat haqiqiy va amalda boʻlishi kerak.
- 6.4Voyaga yetmagan nomzodlar xorijiy pasport yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma bilan roʻyxatdan oʻtadilar. 18 yoshgacha boʻlgan nomzodlar uchun ota-ona yoki qonuniy vakil tomonidan imzolangan rozilik shakli (Parental Consent Form) talab etiladi. Voyaga yetmagan nomzod nomidan ushbu oferta uning ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan qabul qilinadi va toʻlov amalga oshiriladi.
- 6.5Agar nomzod asl hujjatni taqdim etmasa, u imtihonga kiritilmasligi va toʻlangan summa qaytarilmasligi mumkin.
- 6.6Imtihon uchun joylar soni cheklangan. Edu-Action test markazi barcha oʻrinlar band boʻlgan taqdirda roʻyxatdan oʻtishni yopish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
- 6.7Baʼzi hollarda markaz tanlangan sanada imtihon oʻtkazilmagani yoki kerakli minimal nomzodlar soni toʻplanmagani sababli arizani qabul qilmasligi mumkin.
- 6.8Roʻyxatdan oʻtish muddati tugagandan soʻng yuborilgan arizalar faqat boʻsh joylar mavjud boʻlsa va texnik imkoniyat boʻlgan taqdirda qabul qilinadi.
- 6.9Imtihonga jinsi, millati, tili yoki dinidan qatʼi nazar, har bir nomzod qatnashishi mumkin.
- 6.10Agar imtihon markaz tomonidan bekor qilinsa (nomzodlar soni yetarli boʻlmagani, texnik avariya yoki fors-major sabablari), nomzodga boshqa sanaga koʻchirish yoki toʻlovni toʻliq qaytarish taklif etiladi.
- 6.11Imtihon markaz tomonidan bekor qilingan taqdirda toʻlov nomzodning arizasi qabul qilingan kundan boshlab 10 (oʻn) ish kuni ichida toʻliq qaytariladi, bunda maʼmuriy toʻlov ushlab qolinmaydi.
7Toʻlov
- 7.1Har bir imtihon (koʻp modulli dasturlarda — har bir modul) narxi test markazining rasmiy veb-saytida yoki roʻyxatdan oʻtishdan soʻng yuboriladigan xabarnomada eʼlon qilinadi.
- 7.2Toʻlov roʻyxatdan oʻtgandan keyin 24 (yigirma toʻrt) soat ichida amalga oshirilishi shart. Belgilangan muddatda toʻlov amalga oshirilmasa, oʻrin avtomatik ravishda bekor qilinadi.
- 7.3Agar toʻlov belgilangan muddatda amalga oshirilmasa, Edu-Action test markazi nomzodni roʻyxatdan chiqarish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
- 7.4Toʻlov amalga oshirilishi nomzodning ushbu ommaviy oferta shartlari bilan tanishganini va ularga roziligini bildiradi. Toʻlov tasdiqlangandan soʻng roʻyxatdan oʻtish yakunlangan hisoblanadi.
- 7.5Tomonlarning barcha majburiyatlari Edu-Action test markazining bank hisobraqamiga toʻlov tushgan paytdan boshlab kuchga kiradi, bu roʻyxatdan oʻtilgan sanaga bogʻliq emas.
- 7.6Agar nomzod toʻlovni amalga oshirgan boʻlsa, biroq imtihonga kelmasa, toʻlangan summa qaytarilmaydi, ushbu ofertaning 8-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
- 7.7Toʻlovlar milliy valyutada (soʻm) Edu-Action test markazining rasmiy veb-sayti orqali integratsiyalashgan onlayn toʻlov tizimlari yoki boshqa toʻlov tizimlari yordamida amalga oshiriladi.
- 7.8Imtihon uchun toʻlov yuridik shaxs (taʼlim muassasasi, ish beruvchi) yoki davlat dasturi hisobidan amalga oshirilsa, toʻlov va uni qaytarish tartibi tegishli tomon bilan tuziladigan alohida shartnoma bilan belgilanadi. Imtihon qoidalari bunday nomzodlarga ham toʻliq qoʻllanadi.
8Ishtirokni bekor qilish, imtihon sanasini oʻzgartirish va toʻlovni qaytarish
- 8.1Nomzod imtihon sanasidan kamida 14 (oʻn toʻrt) kun oldin ishtirokni bekor qilish boʻyicha soʻrov yuborishi mumkin.
- 8.2Soʻrov faqat asosli hujjatlar bilan tasdiqlangan taqdirda koʻrib chiqiladi. Asosli holatlarga quyidagilar kiradi: rejalashtirilgan tibbiy amaliyot (operatsiya sanasi koʻrsatilgan maʼlumotnoma), xorijga chiqish (aviachipta), shuningdek rasmiy hujjat bilan tasdiqlanadigan boshqa fors-major holatlari.
- 8.3Hujjat bilan tasdiqlanmagan soʻrovlar koʻrib chiqilmaydi.
- 8.4Soʻrov maʼqullangan taqdirda nomzod belgilangan shakldagi arizani toʻldirishi shart. Arizada toʻlov qaytariladigan karta raqami va uning bank rekvizitlari koʻrsatiladi.
- 8.5Toʻlov ariza qabul qilingan kundan boshlab 10 (oʻn) ish kuni ichida arizada koʻrsatilgan plastik kartaga qaytariladi. Qaytarish uchun koʻrsatilgan karta imtihon uchun toʻlov qilingan karta bilan bir xil boʻlishi shart emas, biroq u nomzodning oʻziga yoki toʻlovni amalga oshirgan shaxsga tegishli boʻlishi lozim.
- 8.6Toʻlovni qaytarishda toʻlangan summaning 15% miqdorida maʼmuriy toʻlov ushlab qolinadi. Ushbu toʻlov soliqlar, bank tranzaksiyalari va arizani rasmiylashtirish bilan bogʻliq markazning haqiqiy xarajatlarini qoplaydi. Agar bekor qilish soʻrovi imtihon sanasiga 14 kundan kam vaqt qolganda yuborilsa, toʻlov qaytarilmaydi.
9Maxsus sharoitlar
Nogironligi boʻlgan yoki maxsus taʼlim ehtiyojiga ega nomzodlar imtihon uchun qoʻshimcha sharoitlar (masalan, maxsus klaviaturalar yoki ekran kattalashtiruvchi dasturlardan foydalanish) taqdim etilishi haqida soʻrov yuborishlari mumkin. Soʻrov imtihon sanasidan kamida 30 kun oldin topshirilishi kerak va u rasmiy tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga taqdim etilishi lozim. Qoʻshimcha sharoitlar taqdim etish toʻgʻrisidagi qaror Certiportʼning maxsus sharoitlar siyosatiga (Accommodations Policy) muvofiq qabul qilinadi.
10Imtihondan oldingi qoidalar, qoidabuzarliklar va appelyatsiya
- 10.1Nomzodlar imtihondan oldin elektron pochta yoki Telegram messenjeri orqali yuboriladigan koʻrsatmalar bilan diqqat bilan tanishib chiqishlari shart.
- 10.2Nomzod imtihonga roʻyxatdan oʻtishda ishlatilgan asl pasport yoki ID karta bilan kelishi lozim.
- 10.3Telefon, aqlli soat, diktofon, quloqchin va boshqa elektron qurilmalar bilan imtihon xonasiga kirish qatʼiyan taqiqlanadi.
- 10.4Imtihon vaqtida nomzodlarning shaxsiy buyumlari (telefon, sumka va boshqalar) ajratilgan joyda saqlanadi. Qimmatbaho buyumlar uchun Edu-Action test markazi javobgar emas.
- 10.5Imtihon davomida video va audio kuzatuv olib boriladi. Zarurat tugʻilganda, biometrik tekshiruv (yuzni solishtirish) oʻtkazilishi mumkin. Nomzod ushbu ofertani qabul qilish orqali video va audio yozuvlar olinishiga hamda biometrik maʼlumotlarini qayta ishlashga alohida rozilik bildiradi. Yozuvlar 6 (olti) oy davomida saqlanadi va appelyatsiya yoki qoidabuzarlik holatlarini koʻrib chiqishda dalil sifatida foydalanilishi mumkin.
- 10.6Qoidabuzarliklar (masalan, yordam soʻrash, qoʻshni ekranga qarash, shpargalkadan foydalanish, taqiqlangan buyumlardan foydalanish) imtihon natijalarining bekor qilinishiga va nomzodning imtihon xonasidan chiqarilishiga, shuningdek toʻlangan mablagʻning qaytarilmasligiga olib kelishi mumkin.
- 10.7Nomzod imtihon boshlanishidan kamida 30 daqiqa oldin yetib kelishi lozim. Imtihon boshlangandan keyin kelgan nomzodlar imtihonga qoʻyilmaydi, toʻlangan summa qaytarilmaydi.
- 10.8Imtihonni tashkil etish boʻyicha appelyatsiya: nomzod imtihonni tashkil etish va oʻtkazish tartibi yoki nazoratchi qaroridan (shu jumladan diskvalifikatsiya va xizmatlardan chetlashtirish qaroridan) norozi boʻlsa, imtihondan keyin 3 (uch) ish kuni ichida Edu-Action test markaziga yozma appelyatsiya yuborishi mumkin. Appelyatsiyada nomzodning F.I.Sh., imtihon nomi va sanasi hamda norozilik sababi aniq koʻrsatilishi lozim. Edu-Action test markazi appelyatsiyani nazoratchi hisoboti va tizim loglari asosida koʻrib chiqadi va 10 (oʻn) ish kuni ichida nomzodga yozma javob beradi. Imtihon jarayonida odatiy hisoblanadigan holatlar (boshqa nomzodlarning klaviaturada yozishi, yoʻtalish, xonaga kirib-chiqish) appelyatsiya uchun asos boʻlmaydi.
- 10.9Imtihon savollari boʻyicha izoh: nomzod imtihon savoli yoki topshirigʻini notoʻgʻri yoki noaniq deb hisoblasa, bu haqda imtihon tizimidagi fikr-mulohaza (izoh) qoldirish imkoniyati orqali xabar berishi mumkin. Izoh matni imtihon topshirilayotgan tilda boʻlishi lozim. Fikr-mulohazalar Certiport tomonidan savollar sifatini yaxshilash maqsadida koʻrib chiqiladi va imtihon natijasiga taʼsir koʻrsatmaydi. Edu-Action test markazi imtihon savollari mazmuni boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqmaydi.
- 10.10Imtihon natijasi (ball) boʻyicha appelyatsiya: Imtihon natijalari Certiport tizimi tomonidan avtomatik tarzda hisoblanadi va yakuniy hisoblanadi, ular qayta koʻrib chiqilmaydi. Imtihon xavfsizligini taʼminlash maqsadida nomzodning javoblari toʻgʻri yoki notoʻgʻri boʻlgani, shuningdek baholash tafsilotlari maʼlum qilinmaydi. Natijadan norozi boʻlgan nomzod imtihonni ushbu reglamentda belgilangan qayta topshirish tartibida qayta topshirishi mumkin.
11Imtihon paytidagi tartib va intizom qoidalari
- 11.1Barcha nomzodlar nazoratchi tomonidan berilgan koʻrsatmalarga qatʼiy amal qilishlari shart.
- 11.2Koʻrsatmalarga rioya qilmaslik, intizomni buzish yoki boshqa ishtirokchilarga halaqit berish holatlari nomzodning zudlik bilan imtihon xonasidan chiqarilishiga olib keladi.
- 11.3Haqoratli soʻzlar ishlatish yoki nooʻrin mazmundagi harakatlar qilish imtihonning bekor qilinishiga va nomzodning Edu-Action test markazi xizmatlaridan chetlashtirilishiga sabab boʻladi.
- 11.4Qoidabuzarlar Edu-Action test markazi xizmatlaridan belgilangan muddatga chetlashtirilishi mumkin. Qoidabuzarlik haqida Certiportʼga xabar beriladi; nomzodning natijalari va sertifikatlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror Certiport tomonidan qabul qilinadi.
- 11.5Chetlashtirish muddati davomida nomzod Edu-Action test markazlarida hech qanday imtihonga roʻyxatdan oʻta olmaydi. Ushbu muddatda amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtish bekor qilinadi.
- 11.6Dasturiy taʼminotga aralashish, imtihon materiallarini yozib olish, nusxalash yoki tarqatish, boshqa shaxs nomidan kirishga urinish yoki hujjatlarni qalbakilashtirishga urinish jiddiy qoidabuzarlik hisoblanadi va 1 yildan 5 yilgacha diskvalifikatsiyaga sabab boʻladi.
12Baholash, natijalar va sertifikat
- 12.1Imtihon (modul) yakunlangach, nomzod oʻz natijasini ball koʻrinishida kompyuter ekranida koʻradi.
- 12.2Certiport imtihonlari 1 dan 1000 gacha boʻlgan shkala boʻyicha baholanadi, oʻtish bali ushbu shkalada 700 ballga tenglashtiriladi. Aniq oʻtish standarti imtihon yakunida beriladigan natija hisobotida (score report) koʻrsatiladi.
- 12.3Savollar soni, topshiriqlar formati (test savollari yoki amaliy topshiriqlar) va imtihonga ajratilgan vaqt imtihon turiga qarab farq qiladi.
- 12.4Koʻp modulli dasturlarda (masalan, IC3 Digital Literacy) modullar bir-biriga bogʻliq emas, shu sababli ularni alohida topshirish mumkin. Nomzod oʻtish balini toʻplay olmagan taqdirda faqat oʻsha modulni qayta topshiradi.
- 12.5Imtihon (koʻp modulli dasturlarda — barcha talab etilgan modullar) muvaffaqiyatli topshirilgach, tizim avtomatik tarzda tegishli xalqaro sertifikatni shakllantiradi. Barcha natija va sertifikatlar certiport.com saytida nomzodning shaxsiy kabinetida PDF formatda paydo boʻladi. Baʼzi dasturlar boʻyicha raqamli nishon (digital badge) ham beriladi.
- 12.6Sertifikatning amal qilish muddati dastur turiga bogʻliq: baʼzi sertifikatlar muddatsiz amal qiladi, baʼzilari esa belgilangan muddatdan soʻng yangilanishi talab etiladi. Aniq muddat Certiport tomonidan belgilanadi. Certiport imtihon mazmuni yoki standartlar yangilanganda yangi versiyalarni joriy etish huquqiga ega.
13Mualliflik huquqi va maxfiylik
- 13.1Barcha imtihon materiallari Certiport mulki hisoblanadi va ularni nusxalash, koʻpaytirish yoki tarqatish qatʼiyan taqiqlanadi.
- 13.2Edu-Action test markazi imtihon savollari bazasining muallifi yoki yaratuvchisi hisoblanmaydi. Imtihon savollari, mazmuni va baholash mezonlari Certiport tomonidan ishlab chiqiladi va boshqariladi. Savollar bazasi yoki imtihon mazmuniga kiritilgan har qanday oʻzgarishlar uchun Edu-Action test markazi javobgar emas.
- 13.3Nomzodlarning javoblari ularga taqdim etilmaydi, ulardan oʻquv yoki namoyish maqsadlarida foydalanilmaydi.
14Imtihonni qayta topshirish
- 14.1Agar nomzod imtihonni (modulni) muvaffaqiyatli topshira olmasa, uni faqat keyingi imtihon sessiyalarida qayta topshirishi mumkin, oʻsha kunning oʻzida qayta topshirish imkoni yoʻq. Qayta topshirishgacha boʻlgan minimal muddat Certiportʼning qayta topshirish siyosati (Retake Policy) va Edu-Action test markazining ichki reglamentiga muvofiq belgilanadi (masalan, IC3 GS6 uchun — 21 kun). Ular oʻrtasida farq boʻlsa, uzoqroq muddat qoʻllanadi.
- 14.2Koʻp modulli dasturlarda nomzod qayta topshirishda faqat topshira olmagan modullari uchun toʻlov amalga oshiradi.
- 14.3Edu-Action test markazi qayta topshirish (retake) shartlari, qiymati va chegirmalariga oid siyosatni oʻzgartirish, shuningdek, zarur hollarda qoʻshimcha toʻlov belgilash huquqini oʻzida saqlab qoladi.
- 14.4Oldin muvaffaqiyatli topshirilgan imtihon va modullarni qayta topshirish talab etilmaydi — ularning natijalari avtomatik tarzda certiport.com saytida nomzodning shaxsiy kabinetida saqlanib qoladi.
15Nizolarni hal etish tartibi
- 15.1Tomonlar oʻrtasida yuzaga kelgan barcha nizo va kelishmovchiliklar, imkon qadar, muzokara va oʻzaro maslahatlashuvlar orqali hal etilishi lozim. Bunda tomonlar konstruktiv muloqot olib borishga va oʻzaro manfaatlarni inobatga olishga intilishlari shart.
- 15.2Agar muzokaralar davomida kelishuvga erishilmasa, oʻz huquqlari buzilgan deb hisoblagan tomon boshqa tomonga yozma murojaat yuboradi. Murojaat Edu-Action test markazining rasmiy aloqa manzillari (pochta manzili, elektron pochta yoki boshqa aloqa vositalari) orqali amalga oshiriladi.
- 15.3Murojaatga javob 10 (oʻn) ish kuni ichida taqdim etilishi kerak.
- 15.4Agar nizo muzokara yoki yozma murojaatlar orqali hal etilmasa, u holda nizo Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida koʻrib chiqiladi.
- 15.5Barcha sud jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli sud organlarida, qonunchilikda belgilangan yurisdiksiya va tomonlarning joylashgan manzillariga muvofiq oʻtkaziladi.
- 15.6Agar nizo ushbu ofertaning ayrim bandlarini turlicha talqin qilish bilan bogʻliq boʻlsa, tomonlarning oʻzaro yozma kelishuvi ustuvor kuchga ega boʻladi va u hujjatdagi shartlarning yagona talqinini tasdiqlaydi.
16Shartlarga oʻzgartirish va yangilanishlar
Edu-Action test markazi ushbu shartlarga, jumladan, imtihon narxlari, jadvali va oʻtkazish formatiga oʻzgartirishlar kiritish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Barcha oʻzgarishlar haqida nomzodlar rasmiy veb-sayt yoki Telegram kanali orqali xabardor qilinadi. Oʻzgartirishlar rasmiy veb-saytda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va ular kuchga kirgunga qadar toʻlovi amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtishlarga nisbatan qoʻllanmaydi.
17Shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash
- 17.1Imtihonga roʻyxatdan oʻtar ekan, nomzod Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tarzda oʻz shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlashga rozilik bildiradi.
- 17.2Shaxsiy maʼlumotlar faqat roʻyxatdan oʻtish, sertifikatlash va nomzod bilan aloqa oʻrnatish maqsadida ishlatiladi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan maʼlumotlar bazasida saqlanadi va jarayon tugaganidan soʻng qonunchilikda belgilangan muddat davomida saqlanadi.
- 17.3Imtihonni oʻtkazish va sertifikat berish maqsadida nomzodning shaxsiy maʼlumotlari (F.I.Sh., tugʻilgan sana, elektron pochta, imtihon natijalari) Certiport (Pearson VUE) tizimiga uzatiladi. Nomzod ushbu ofertani qabul qilish orqali shaxsiy maʼlumotlarining transchegaraviy uzatilishiga rozilik bildiradi. Bundan tashqari, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda maʼlumotlar vakolatli davlat organlariga taqdim etilishi mumkin. Boshqa uchinchi shaxslarga maʼlumotlar oshkor etilmaydi.
18Aloqa maʼlumotlari
Imtihonlarni tashkil qilish, roʻyxatdan oʻtish yoki sertifikatlar bilan bogʻliq barcha savollar quyidagi aloqa vositalari orqali qabul qilinadi:
- Sayt
- certiport.uz
- certiport@edu-action.uz
- Telefon
- +998 (70) 028-8686
- Telegram
- t.me/certiport_uz_administrator
